logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 13:41
KirishA'zo bo'lish
TAVSIYA QILAMIZ
Yangiliklar tasmasi

Quyi ligalar Ronaldusi

 4 AVGUST, 2023, 23:44

Yozgi transfer mavsumining asosiy kelishuvlaridan biri amalga oshdi - «Real» aql bovar qilmas 103+31 mln. evro evaziga «Borussiya Dortmund»dan Jud Bellingemni xarid qildi.

Buning asosiy sababchilari - Judning har bir qadamini kuzatib yuradigan otasi Mark va onasi Denizdir. Ular «Liverpul», «MYu» va boshqa toplarning qo'ng'iroqlariga qaramay, Birmingemni tark etmadilar, farzandlari Dortmundga moslashib olishida bosh-qosh bo'ldilar va sinchkovlik bilan yangi klub tanladilar. Hikoyamiz 19 yoshli iqtidorning «qirollik klubi» a'zosi bo'lishiga olib kelgan puxta yondashuv haqida.

Bellingemning otasi - oyoqlaridagi ikkita jiddiy jarohat va politsiyada xizmat qilishiga qaramasdan, quyi ligalar afsonasiga aylangan sobiq politsiya xodimi (JCh-2022 arafasida nafaqaga chiqqan).

Judning o'yinini ilk bor tomosha qilgan muxlis albatta hayratdan dong qotadi: «Bunday mahoratni qaerdan olgan?»

Angliya g'arbidagi Uest-Midlends grafligidagilar jumboq javobini yaxshi bilishadi. Chunki Mark Bellingem ingliz yarim professional futbolining afsonaviy to'purari. Mark o'z faoliyatini Jud tug'ilishidan 9 yil avval, 1994 yilda «Ist Tarrok Yunayted» klubida boshlagan. Keyin qisqa vaqt ichida 8-diviziondan 6-liga vakili «Chelmsford»ga o'tgan va Vulverxempton universitetining Dadli filialiga o'qishga kirgan. 250 km.li oraliq masofa futbol bilan parallel ravishda tahsil olishiga to'siq bo'la olmadi. To'g'ri, ba'zan u olis shaharda futbol o'ynashiga to'g'ri kelardi va uyiga tong arafasida qaytardi. Tabiiyki, ertasiga o'qishga bora olmas va ertasiga aybni futbolga ag'darib qo'ya qolardi.

Mark 20 yildan ko'proq vaqt davomida futboldagi snayperlikni politsiyadagi ishlari bilan birgalikda olib bordi. Bu ixtisosi bir marta yashil maydonda qo'l keldi - «Kuorn» jamoasidagi raqibi oyog'ining ikki joyidan jarohat olganida, bosh­qa politsiyachi bilan oyog'i singan raqibiga birinchi yordamni ko'rsatdi. 1999 yilda katta Bellingemning o'zi oyog'idan jarohat oldi va uzoq tanaffusdan keyin safga qaytdi, biroq 2 yildan keyin ikkinchi oyog'i shikastlandi. Shunda u ilk bor futbolni tark etish haqida o'ylay boshladi. Axir bu yoqda politsiyada ishlashi ham talab etilardi. Lekin baribir, futbolga bo'lgan muhabbat ustunlik qildi.

Hujumchining 2005|06 yillar mavsumida «Strourbrij»dagi ishtiroki o'ta sermahsul bo'ldi - 9-divizion jamoasida Mark 61ta gol urdi. Ana shu sermahsullik hujumchiga faoliyatidagi ilk sovrin - yarim professional jamoalar uyushmasining «Oltin butsa»sini hadya etdi.

Yoshi 40dan oshganida yana 1 yil o'ynashga qaror qildi

Quyi ligalar Ronaldusi taxallusiga sazovor bo'lgan Mark Bellingem 2015|16 yillar mavsumida, 700ta gol marrasini zabt etganidan keyin butsalarini mixga ilish niyatida edi. Biroq orzusi amalga oshishiga 2ta gol kamlik qildi - to'purar mavsumni 38ta emas, 36ta gol bilan yakunlashga majbur bo'ldi. Kamomad o'rnini to'ldirish uchun Mark faoliyatini davom ettiradigan bo'ldi. «Ha, men ko'p gol uraman, ammo zo'r futbolchi emasligimni ko'p gapirganman. Gollarimni asosan, qisqa masofadan urganman. Buning uchun jamoadoshlarimdan qarzdorman. Yoshim 40dan o'tdi, bu so'nggi mavsumim. Bu yoqda to'ng'ich o'g'lim «Birmingem»ning 16 yoshlilar jamoasida o'ynamoqda. Men uchun to'xtatish vaqti keldi», - degandi Mark 2016 yilda.

7 yildan keyin «Birmingem»dagi o'sha yigitcha «Real»­ga o'tdi. Bonuslarining bir qismini qo'shib hisoblaganda ham, u bemalol eng qimmatbaho futbolchilar o'nligidan joy oladi.

Judning faoliyati ustidan Mark qanday ish yuritdi?

Futbolga qiziqtirdi, ilk «kumiri» bo'ldi, trasferlarga ta'sir etdi va agentga aylandi.

* futbolga mehr qo'yishiga yordamlashdi.

«Avvaliga men o'yinni tushunmasdim. Otam doimo meni o'z o'yinlariga olib ketardi. Men asta sekin kirishib ketdim. Biroq bunga ancha vaqt sarflaganimiz otamni bir oz ranjitdi», - deydi Jud. «Birmingem» akademiyasiga qadar kichik Bellingem otasi va bo'lajak murabbiyi Fil Vuldrij tashkil etgan «Stourbrij Juniors» bolalar jamoasida shug'ullandi. To'g'ri, avvaliga Judni maydondagi voqealar mutlaqo qiziqtirmadi, u vaqtini maydondagi o'tlarni yulish bilan o'tkazardi. Axir u jajjigina bolakay edi-da. Jud 6 yoshga chiqqanida hammasi o'zgardi. 7 yoshda esa uni «Birmingem» olib ketdi.

* Judning dastlabki «kumiri» bo'ldi.

Futbolga ishqi tushgan Jud otasining o'yinlarini zavq bilan kuzatadigan bo'ldi: «Har hafta otamning o'yinlarini tomosha qilishga odatlandim. Non-liga APL emasligiga aqlim eta boshlagan bo'lsada, uning harakatlari maftunkor edi. Goldan keyingi quvonchlarini ko'rgach, u kabi futbolchi bo'lish istagi paydo bo'ldi. Avval biz ota va bola edik, keyinchalik ustoz va shogird munosabatiga o'tdik. U doimo o'yinimni yaxshilash payida bo'lardi. U meni o'yinning asosiy printsiplari bilan tanishtirdi. Tez orada u menga puxta bilim berayotganini tushundim».

* Ota-onasi Judni barvaqt musofirlik bilan qiynashni istamadilar. 9 yoshida «Liverpul», 13-14da «Barselona», 15da «MYu», 16da «Ayaks» takliflari rad etildi.

«Liverpul» Bellingemga boshqa xaridorlarga nisbatan ko'proq qiziqish bildirdi , 9 yoshli paytida «Birmingem»ning U11 jamoasi tarkibida to'p surayotgan Jud ikki kunlik ko'rikka borgandi. Tashkilotchilar uni «qizillar» akademiyasiga olishlarini aytishdi. Lekin ota-onasi qadrdon uy muhitidan uzoq bo'lishini istamadilar.

14ga chiqqunga qadar kichik Bellingem juda ko'p top-klublar akademiyalarida bo'ldi. Biroq ota-onasi ularning birortasiga qiziqish bildirmadilar. Vaholanki, Jud 11 yoshli paytida o'zining maktab albomiga Angliya terma jamoasi va «Barselona»da to'p surish orzusini yozib qo'ygandi.

2019 yil avgustida 16 yosh, 38 kunlik Jud «Birmingem»da o'z debyutini nishonladi. Keyin Bellingemlar oilasi klubga o'z minnatdorchiligini izhor etdi. O'smirlar shartnomasi asosida to'p surgan Jud klubni tekinga tark etishi mumkin edi. Lekin ota-onasi «Birmingem» to'laqonli tovon puliga ega bo'lishini istadilar.

* 2020 yilda Mark Judning «MYu»ga yoki boshqa klublarga emas, «Borussiya Dortmund»ga o'tishini ma'qulladi.

Dortmundliklar Judga futbolkalar jo'natishdi, qishki tanaffus arafasida uni «Signal Iduna-Park» va klub bazasiga ekskursiyaga taklif etishdi. Shuningdek, Jeydon Sancho va boshqa yosh futbolchilarning adaptatsiyasiga oid videoni tayyorlab qo'ydi. Xullas, fevralda klub yangi xaridning ko'ngliga yo'l topa olganiga amin bo'ldi.

Bu yoqda boshqa xaridorlar ham jim turmadilar. «Chelsi» Frenk Lempard va Marina Granovskaya ishtirokida Stemford Brij»da uchrashuv uyushtirdi, «Bavariya»ning «Birmingem»ga yo'llagan qo'ng'iroqlari javobsiz qoldi, Manches­ter grandlari, ayniqsa, «MYu»ning urinishlari samara bermadi. Vaholanki, «qizil iblislar» skautlari 12 yoshidan boshlab kamida 46 marta kuzatishgan, safardan doimo hayrat bilan qaytishgandi. Biroq oxir-oqibat, tanlovda «Borussiya» g'olib chiqdi

Mark Judning faoliyatini boshqarish uchun agentlikka imtihon topshirdi, «Real» bilan muzokaralarni yuksak ehtirom bilan o'tkazdi.

O'tgan yil dekabrida Judning manfaatlarini faqat otasi himoya qilishi OAVda e'lon qilingandi. Aprelda esa kasbdoshlarimiz katta Bellingem FIFAning agentlik litsenziyasiga ega bo'lish uchun jiddiy tayyorgarlik ko'rganini ma'lum qilishdi. «Real» vakillari esa 4 oy davomida futbolchining qarindoshlari bilan o'nga yaqin uchrashuvlar o'tkazishdi, aprel oxirida Jud «Madrid» klubiga rozilik berdi.

Judning transferi rasman e'lon qilinganidan ke­yin «Real» rahbariyatining jarchisi bo'lmish Xose Feliks Dias shunday dedi:

«Madrid» Bellingemlar oilasidan juda minnatdor. Judning otasi muzokaralar chog'ida o'g'liga oid barcha jihatlarni ochiq-oydin bayon etdi, doimo aloqada bo'ldi».

Jud o'z onasini «qirolicha» deb ulug'laydi va hayotidagi asosiy shaxs sifatida hurmat qiladi: «O'ylaymanki, men uchun u hammadan muhimroq. Hatto mening murabbiylarimdan ham!»

 S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: stadion.uz

butsanet

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR