logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 05:37
KirishA'zo bo'lish
Mourinyoda 3 ta kubok va behisob janjallar xolosmi?

27 DEKABR, 13:08 204

.

Joze Mourinyo «MYU»da qanday ishlari bilan yodda qoldi. Ochig‘i, faqat maydonda zerikarli bo‘ldi. «MYU» portugaliyalik mutaxassis faoliyatidagi 7-klub edi. Joze murabbiylik yo‘lining boshida rosa qiynalgan: «Benfika»ni atigi 11ta va «Leyriya»ni 20ta o‘yinda maydonga boshlab tushgandi. Keyin esa zafarlar aro suzdi, go‘yo. Ya’ni «Portu», «Chelsi», «Inter» va «Real» bosh murabbiyi sifatida muntazam nimadir yutgan va «Benazir» laqabini olgan murabbiy «MYU»dagi ishini boy kolleksiya bilan boshladi - 22ta sovrin. Ularning eng ko‘pi Angliyada qo‘lga kiritilgan. Aniqrog‘i, Mou sovrinlaridan 8tasini «Chelsi»dagi ikki davrida rasmiylashtirdi. Xullas, Joze «MYU» vositasida tumanli o‘lkadagi shaxsiy statistikasini yanada yaxshiladi, faqat...

Ilk mavsumda 3ta sovrin. Joze «MYU»dagi ishini Angliya superkubogidagi «sensasion» g‘alaba bilan boshladi: «qizil iblislar» amaldagi chempion maqomida maydonga tushgan «Lester»ni 2:1 hisobida dog‘da qoldirishdi. Hal qiluvchi golni o‘yin tugashiga 7 daqiqa qolganida Zlatan Ibragimovich urgandi. Mourinyoning «MYU»si keyingi yili finalda «Sautgempton»ni yengib, Liga kubogi sohibiga aylandi. E’tiborlisi, g‘alaba goli yana Ibra nomiga yozildi. Bo‘ydor shved bu safar yakuniy nuqtani final hushtagi yangrashiga atigi 3 daqiqa qolganida qo‘ydi. Joze «MYU» bilan yevrosovrin olishni ham uddaladi: uning kolleksiyasiga yetishmayotgan YEL kubogini mankunianlar tortiq etishdi. Manchesterliklar finalda «Ayaks»dan ustun kelishdi (2:0), faqat Ibragimovich yordamisiz.

G‘alabalar hisobida eng past foiz. Portugaliyalik mutaxassis «MYU» boshqaruvida jami o‘yinlarning 58,3 foizida g‘alabani ta’minladi - bu «Benfika» va «Leyriya»da uzoqqa cho‘zilmagan faoliyatini hisobga olmasak, uning uchun eng past ko‘rsatkichdir. Deylik, Joze avvalgi klubi - «Chelsi»da biroz yaxshiroq natijaga erishgandi - 58,8 foiz o‘yinda g‘alaba. «Benazir» bu borada eng yuqori ko‘rsatkichni «Real»da qayd etgan - 71,9 foiz. Umuman olganda, Mou «MYU»ni 144ta o‘yinda maydonga boshlab tushdi: 84ta g‘alaba, 32ta durang va 28ta mag‘lubiyat.

Kalachev bilan janjallashdi va yarashdi. «MYU» YELda g‘alaba qozongan mavsum turnirning 1|8 finalida «Rostov»ga to‘qnash keldi. 1:1 hisobida yakunlangan birinchi o‘yin Mourinyu va Timofey Kalachev o‘rtasidagi janjal bilan esda qoldi. Aniqrog‘i, Joze «Rostov» vakiliga oshkora e’tiroz bildirgach, u murabbiyga og‘zini yumib turishni tavsiya etdi. «Asosiysi, o‘yin tugagach, yarashib oldik, bir-birimizni hurmat qilamiz. Kalachev oldimga kelib, uzr so‘radi, men esa uning «Old Trafford»da maydonga tusholmasligidan xursandligimni yashirmadim. Janjalga kelsak, ehtirosga berilib, bir-birimizga «Tilingni tiy» qabilida do‘q urdik, xos», - dedi Jozening o‘zi mojaro haqida.

Konte bilan janjal va yana yarashuv... 2017 yilning ilk oylari Mourinyo va Antonio Konte matbuot vositasida «nordon» so‘zlar almashishdi, martda esa, Angliya kubogi doirasidagi uchrashuvda mushtlashib ketishlariga oz qoldi. Noyabr oyida chempionat bahsida to‘qnash kelgan ikki murabbiy bir-biriga qo‘l berishni istamadi. «O‘zimni masxarabozdek tutmasligim ehtirosni yo‘qotganimni anglatmaydi», - deya kinoya qildi Joze italiyalik mutaxassisning maydon chetidagi xatti-harakatlariga sha’ma tarzida. Konte ham javob qaytarishni paysalga solmadi: «O‘ylaymanki, u avvalo, o‘ziga nazar solishi kerak. Ba’zan qarilik parishonxotirligi pand beradi: sen o‘tmishdagi ishlaringni unutib qo‘yasan...». Yangi yil, to‘g‘rirog‘i, fevralda murabbiylar yarashib olishdi.

Xyuz bilan mojaro. Mavsum-2017|2018. «MYU» Mark Xyuz boshqaruvidagi i «Stok Siti» bilan o‘yinda durang bilan cheklandi (2:2), Mou esa raqib jamoa ustoziga qo‘l berishni xohlamadi. «Ha, Jozeni turtib yubordim, chunki u menga tegishli texnik hududga kirib oldi. Ehtimol, shuning uchun so‘rashishni istamagandir...», - deya izohladi holatni uelslik murabbiy. Joze bu xususda berilgan savolga javoban ancha o‘tkir gapirdi: «Ahmoqliklar haqida hech narsa demayman - qarib qoldim. Yaxshisi, ahmoqliklar xususida ahmoqlar gapiraverishsin».

Shisha bilan zarba. 2017 yil dekabr. «MYU» hamshahri - «Manchester Siti»ga 1:2 hisobida yutqazgach, o‘yindan keyin tribunaosti yo‘lakda «ur-sur» kuzatildi. Joze xususan, «Siti» darvozaboni Ederson bilan janjallashdi (murabbiyga «shaharliklar»ning kiyinish xonasida g‘alabani boshqacha nishonlashgani yoqmagandi). Keyinroq «MYU» ustozi boshiga shisha idish kelib tushdi, boz ustiga, yuziga sut to‘kildi.

Vise-prezident bilan transferlar masalasida kelishmovchilik. 2018 yilning butun yozi bo‘yi bu mojaro haqida tinmay yozishdi. «MYU» vise-prezidenti Ed Vudvord transferlar uchun katta mablag‘ sarflashni xohlamagan sari Jozening talablari kuchayib boraverdi. Portugaliyalik matbuot orqali chiqishlarida jamoaga yangi futbolchilar zarurligini bot-bot ta’kidladi. Vaholanki, «MYU» transferlar bozorida 82 million yevro sarflab, Fred, Diyego Dalot va Li Grantni tarkibga qo‘shib olgandi.

«Chelsi» murabbiyiga hujum. Joriy mavsum voqeasi - «ko‘klar» oxirgi daqiqada hisobni tenglashtirishgach, Maurisio Sarrining bosh yordamchisi Joze oldida raqs tushdi. Natijada portugaliyalik quyushqondan chiqib, unga tashlandi. To‘g‘ri, mojaro tezda barham topdi.

Futbolchilarga «dushman»chilik. Pol Pogba, Antoni Martial va Erik Bayi murabbiyning nafratiga uchrashdi. Mou xususan, sentyabrda Pogbani vise-sardor maqomidan mahrum etdi, Martialni ko‘ngli bo‘shlikda aybladi. Bayi esa fransiyalik do‘stlarini himoya qilgani uchun «balo»ga duchor bo‘ldi.

«Chelsi» fanatlariga ishora. O‘zaro o‘yinda londonlik muxlislar «Benazir»ni hushtakbozlik bilan «siylashdi», u bunga «aristokratlar»ni necha bora chempionlik sari yetaklaganini bildiruvchi barmoqlar ishorasi vositasida javob berdi.

E’tiborli faktlar

* Xosep Gvardiola va Joze Mourinyu Manchesterning ikki klubida bir vaqtda ish boshlashdi. «Siti» bu davrda «Yunayted»ga nisbatan naq 83ta ko‘p gol urdi.

* «Benazir» bundan 3 yil oldin APL yetakchisi - «Lester» bilan o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng «Chelsi» bosh murabbiyi lavozimidan chetlashtirilgandi. Bu safar «MYU» yetakchi «Liverpul»ga bas kelolmadi va Joze «aut»ga chiqdi. Hattoki, sanalar ham deyarli to‘g‘ri keldi: 17 dekabr (2015 yil) va 18 dekabr (2018 yil).

* Mourinyoning oxirgi 3ta iste’fosida ham Yurgen Klopp «hissa»si bor - nemis mutaxassisi boshqargan jamoalar portugaliyalikka javob berilishi arafasida uning klublarini «yakson» qilgan. Aniqrog‘i, «Borussiya» D. CHL doirasida 4:1 hisobida g‘alaba qozongach, Joze «Real»dan ketgan, «Liverpul» ikki bora 3:1 ko‘rinishida ustun kelib, uning «Chelsi» va «MYU» bilan xayrlashishiga yo‘l hozirladi.

* «MYU» joriy mavsum Mou boshqaruvidagi ilk 17ta o‘yinda 26 ochko oldi (APLda). Bu - Manchester grandi uchun mavsum-1990|1991dan buyon kuzatilgan eng yomon startdir.

Joze Mourinyo uchun ehtimoliy 5ta yangi ish joyi: «Real», «Milan», «Inter», «Bavariya» va Qatar termasi.

Joze Mourinyoning butun faoliyati davomiyligi

«Benfika» - 76 kun

«Leyriya» - 279 kun

«Portu» - 889 kun

«Chelsi» - 1176 kun

«Inter» - 727 kun

«Real» - 1126 kun

«Chelsi» - 899 kun

«MYU» - 935 kun

Jami: 16 yil 8 oy 27 kun

Iste’foga munosabat

Mouning ishdan ketgani ayniqsa, fransiyalik yarim himoyachi Pol Pogbaga xush yoqdi. The Sun nashrida yozilishicha, 18 dekabr kuni «MYU» bazasida o‘zgacha ko‘tarinkilik kuzatilgan. Deylik, fransiyalik futbolchi voqealarning bunday rivojidan mamnunligini yashirmay, kiyinish xonasidayoq baqir-chaqir qilibdi: «U meni ahmoqqa chiqarishni, muxlislarga yomon ko‘rsatishni o‘yladi. Biroq kim bilan o‘chakilashayotganini xayoliga ham keltirmadi!»
Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR
BOSH SAHIFA
ONLINE: 0 / 27