logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 09:58
KirishA'zo bo'lish
A’zamjon Aliev: Yangi format "Navbahor"ga foydali bo‘ldi

25 DEKABR, 22:11 155

.

"Lochinlar"ning etakchi futbolchisi bilan qiziqarli suhbat.

Namanganning “Navbahor” klubi yakuniga etgan mavsumda 14 yillik tanaffusdan keyin yana sovrindorlar safidan o‘rin olib, bronza medali sohibiga aylandi. Albatta, ushbu muvaffaqiyatda jamoa etakchilaridan biri bo‘lgan yarim himoyachi A’zamjon Alievning ham munosib hissasi bor. Bu yilgi Superliga bahslarida Aliev “lochinlar” ishtirokidagi barcha – 32ta ta o‘yinda maydonga tushib, 4ta golga assistentlik qildi.

"Navbahor" matbuot kotibi Ulug‘bek Umarov esa mahoratli futbolchi bilan qisqacha suhbat uyushtirdi.

- A’zamjon, yakunlangan mavsum sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Umuman olganda, Superliga bahslari borasidagi fikrim ijobiy. Ammo shaxsiy fikrim bo‘yicha, ortda qolgan mavsum o‘rtacha kechdi.

- Jamoangizning yakunlangan mavsumdagi o‘yinlaridan qoniqish hosil qildingizmi?

- Ayrim xatolarni inobatga olmaganda, klubimizning yakunlangan mavsumdagi natijasidan qoniqish hosil qildim. Har holda, ko‘p yillik tanaffusdan keyin bronza medali sohibiga aylandik.

- Siz Superliga bahslarida barcha 32ta uchrashuvda maydonga tushgan kam sonli futbolchilardan birisiz. “Navbahor”da esa bu borada yagonasiz. Bunga qanday erishdingiz?

- Bu klubimiz murabbiylarining menga bildirgan ishonchlari hosilasi. Shu sababli ham, 32 ta bahsda maydonga tushishga muvaffaq bo‘ldim. Fursatdan foydalanib, buning uchun ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Menimcha, men ham o‘zimga bildirilgan ishonchni oqladim. Aks holda, bunday ijobiy natijani qayd etolmagan bo‘lardim.

- Pepsi Superliganing bu yilgi formati borasida qanday fikrdasiz?

- Yangi format jamoamiz uchun ancha foydali bo‘ldi. Boisi, ta’kidlaganimdek, 14 yillik tanaffusdan keyin 3-o‘rinni qo‘lga kiritdik. Bundan tashqari, Superliganing har bir bahsi kurashlarga boy tarzda o‘tdi.

- Muxlislar uchun yaratilgan sharoitlar va “onlayn” teletranslyatsiyalar borasidagi fikringiz?

- Albatta, Pepsi Superliga bahslarining televideniya orqali to‘g‘ridan –to‘g‘ri namoyish etilishi ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi va futbolimiz rivoji uchun turtki berdi. Uchrashuvlarning muxlislarning bo‘sh vaqtlariga to‘g‘ri kelganligi esa yanada yaxshi bo‘ldi.

- Bu yilgi Superliga bahslarida jamoangiz uchun eng qiyin bahs sizningcha, qaysi o‘yin bo‘ldi?

- 30-tur doirasidagi o‘z maydonimizdagi “Bunyodkor” klubiga qarshi kechgan bahs biz uchun qiyinchilik tug‘dirdi. Boisi, mazkur o‘yin bronza medali taqdirini hal qilardi. Shuning uchun o‘sha uchrashuvni 6 ochkolik o‘yin desa bo‘ladi. Xayriyatki, mazkur bahsda 1:0 hisobida g‘alaba qozonib,

- 3-o‘rinni deyarli naqd qildik.

- Bu yil “Navbahor” safida ko‘plab xorijlik futbolchilar to‘p surishdi. Sizningcha, ulardan qaysi biri legioner nomini oqladi?

- Xorijlik jamoadoshlarimning har biri o‘z imkoniyati darajasida to‘p surdi. Shuning uchun ularning o‘yinlari borasida biror fikr bildira olmayman.

-“Navbahor”ning ayni paytdagi ustozi Andrey Kanchelskis boshqa mutaxassislardan mashg‘ulotlar olib borish, g‘alabaga ruhlantirish borasida qanday sifatlari bilan ajralib turadi?

- Har bir murabbiyning o‘z uslubi bo‘ladi. Shular qatorida Andrey Antanasovich Kanchelskisning ham biz – futbolchilarni bo‘lajak o‘yinlarga o‘ziga xos tayyorlash uslubi bor. Uning ko‘proq jismoniy tayyorgarlikka e’tibor qaratishini ta’kidlash joiz.

- “Navbahor” bu yil bronza medali sohibiga aylandi. Mazkur muvaffaqiyat sizningcha, qoniqarlimi yoki jamoa bundan ham yuqoriroq o‘rinni egallashga qodirmidi? Qodir bo‘lsa, sizningcha, buning uchun “Navbahor”ga nima etishmadi?

- Albatta, jamoamizda o‘tgan mavsumga qaraganda ancha o‘sish bo‘ldi. Chunki bu yil sovrinli o‘rinlar kurash olib bordik va yakunda va 3-o‘rinni qo‘lga kiritdik. To‘g‘ri, bu ham ijobiy natija. Ammo bundan-da yaxshiroq natijani qo‘lga kiritishga ham qodir edik. Menimcha, buning uchun bizga biroz omad etishmadi.

- Sizningcha, klubingiz tarkibida kim bu yil yaxshi o‘yin namoyish etdi?

- Jamoadoshlarimning har biri o‘z vazifasini sidqidildan bajardi. Barchamizning bir maqsad yo‘lida jipslashib, bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilganligimiz muvaffaqiyatimiz omili bo‘ldi.Shuning uchun jamoadoshlarimdan hech qaysinisini alohida ajratib ko‘rsata olmayman. Ularning barchalari juda yaxshi o‘yin namoyish etishdi.

- “Navbahor”ning muvaffaqiyatida muxlislarning hissasi qanchalik ahamiyatga ega bo‘ldi?

- Albatta, bronza medalini qo‘lga kiritishimizda muxlislarning ham munosib hissalari bor. Ishqibozlar jamoamizning har bir uchrashuvida bizni qo‘llab-quvvatlab, g‘alabalarimizga o‘z hissalarini qo‘shishdi.

- Kelasi mavsumda ham “Navbahor”dagi faoliyatingizni davom ettirasizmi?

- Nasib qilsa, davom ettiraman.

Ma’lumot uchun

A’zamjon Aliev – 1991 yil 7 iyulda Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan.

Futbol bilan 10 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan.

Birinchi murabbiyi: Nodirbek Xalilov.

Namangandagi futbol maktab-internatini tamomlagan.

2010 yildan buyon “Navbahor”da.

Oilali, bir o‘g‘ilning otasi.

Muxlislik qiladigan jamoasi: “Barselona”.

Havas qiladigan futbolchisi: Andres Inesta.
Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR
BOSH SAHIFA
ONLINE: 0 / 31