logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 07:04
KirishA'zo bo'lish
Engilmas «Liverpul». Klopp premer-ligada ham chempionmi?

25 DEKABR, 12:19 321

.

Bu mavsumda «Manchester Siti»da haqiqiy raqobatchi paydo bo'ldi - Yurgen Klopp jamoasi premer-ligada ketma-ket g'alaba qozonmoqda va ligada mavsumni mag'lubiyatsiz o'tkazayotgan yagona jamoa bo'lib turibdi. «Liverpul»ning bu mavsumdagi chempionlik uchun imkoniyatlari qanday?

Transferlar

«Liverpul»ni «qizil mashina» deb atay boshlashdi. Avvalgi mavsumda Klopp jamoasi «Manchester Siti»dan 0:5, «Tottenhem»dan 1:4, «Suonsi»dan 0:1 hisoblarida mag'lub bo'lgan, boshqa autsayder va o'rtamiyonalar bilan o'yinlarda ham ochko yo'qotgandi. Bunday yo'qotishlar tufayli Saloh, Mane va Firmino chempionat o'yinlarida birgalikda urgan 57ta gol chempionlik uchun etarli bo'lmagandi. Ser Aleks Fergyuson aytganidek, hujumlar g'alabalar keltiradi, himoya esa sovrinni. «Qizillar» chempionatni to'rtinchi o'rinda yakunladi, Chempionlar ligasi finalida himoyadagi va darvozadagi qo'pol xatolar tufayli mag'lub bo'ldi.

«Liverpul» 2017 yil yozidayoq himoyani kuchaytirishi kerak edi, ammo o'shanda Virjiyl van Deykning transferi barbod bo'lgan, Klopp uning o'rniga boshqasini sotib olishni istamay, qishgacha kutishga qaror qilgandi. «Sauthempton» yanvarda van Deykni qo'yib yuborishdan boshqa chora topolmadi. Kloppning sabri muhim rolni o'ynadi. O'tgan mavsumda niderlandiyalik himoyachi kelgunigacha mersisaydliklar chempionatdagi o'yinlarda (24 o'yin) o'rtacha 1,17 gol o'tkazgan, u kelganidan keyin esa o'rtacha 0,71 gol. Hozir bu raqamlar yanada kamtar - 0,38 (o'yinlarning barchasida van Deyk ishtirok etgan).

Yana bir sabr haqida. 2017 yil avgustida «Liverpul» «LeypTsig»dan hujumkor yarimhimoyachi Nabi Keytani sotib olishga harakat qilishgandi. Ammo o'shanda nemislar bu transferni kechiktirishdi, futbolchi faqat 2018 yil yozida Angliyaga ko'chib o'tdi. Ushbu gvineyalik ilk mavsumdayoq asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Klopp tarkibni yanada kuchaytirishni istagandi, ammo barcha transferni u hal qila olmaydi. U faqat selekTsiya bo'limiga o'z nomzodlarini taklif qilishi mumkin, futbolchining sotib olinishini boshqalar hal qilishadi. Ammo Fabino, Shaqiriy va Alissonning transferlari shuni anglatadiki, «Liverpul» menejmenti murabbiyning so'zlariga quloq solmoqda. Keyingi bir yilda jamoa zarur poziTsiyalarga zarur futbolchilarni sotib oldi.

Darvozabon

Alissonning ahamiyatini alohida qayd etish kerak. «Liverpul» darvoza chizig'i keyingi yillarda eng kuchsiz chiziq edi. Bu hudud ayrim hollarda Tsirkka aylanib ketdi. Minole va Karius «qovun tushirish»da bir-biridan qolishmasdi. Bu tartibsizlik o'tgan mavsumda EChL finalidagi xurmacha qiliqlar bilan yakuniga etdi.

Yozda «Liverpul» «Roma»ga braziliyalik darvozabon uchun 62,5 million evro taklif etdi. Ko'pchilik ushbu transferni Kloppning yana bir bor pulni bebiliska sarflashi sifatida qabul qildi va uning ustidan kulishdi. Ammo ushbu darvozabon o'zining mahoratini dambadam isbotlab kelmoqda, ikki hafta oldin esa «Napoli» bilan o'yinda «asr seyv»laridan birini amalga oshirdi. O'shanda oxirgi daqiqalarda goldan saqlab qolgan darvozabon «Liverpul»ni EChL pley-offiga olib chiqqan, Klopp ham buni shunday tan olgandi: «Men uning bundayligini bilganimda ikki barobar ko'proq to'lardim».

Alisson raqibning xayolini o'qiydigandek. Barcha «Liverpul»ning sharmandali darvozabonlariga ko'nikib qolgan, hamma bu jamoaning mudofaa chizig'ini kuchsiz hisoblab kelardi. Lekin endi barchasi o'zgardi: «Liverpul» o'tgan 18 turda atigi 7 marta gol o'tkazib yubordi, Alisson esa raqiblarni 5 marta muqarrar goldan mahrum etdi. «Napoli»ni EChL pley-offidan mosuvo qilish barobarida, «Chelsi»ga ikkinchi golni urishga yo'l qo'ymadi, «Brayton» oxirgi daqiqalarda hisobni tenglashtirishiga imkoniyat qoldirmadi, «Everton» bilan o'yinda ilk daqiqalarda hisob ochilishiga to'sqinlik qildi. The Guardian nashrining tahlilchisi Jonatan Uilson Alissoning boshqa jihatlarini ham etirof etadi: «U aniq paslar beradi, hech qachon vahimaga tushmaydi va boshqalarga ham xotirjamlik baxsh etadi».

O'tgan mavsumda «Liverpul» faqat bir o'yinda 1:0 hisobidagi ustunlikni saqlab qololgan. Bu mavsumda esa «Brayton», «Haddersfild», «Everton» va «Napoli» bilan o'yinlarda jamoa minimal hisobdagi g'alaba bilan o'yinni yakunlay oldi.

Buni faqat bir darvozabon bilan bog'lash mubolag'ali, jamoaning himoya chizig'i ham etarlicha ter to'kmoqda.

Taktika

Klopp hamisha futbolchilarni faqat va faqat olg'a chopishga undardi, ammo endi u o'zining «hevi-metal futbol»ini o'zgartirdi. Yozda u o'yinning boshqa jihatlariga ham etibor qarata boshladi, masalan autlar bo'yicha murabbiy yolladi. O'sish bor: Gomez qanotdan to'pni 11 metrlik nuqta atrofiga tashlab bermoqda, bunday vaziyatlardan birida uning uzatmasi Angliyaning Xorvatiyaga gol urishi bilan yakunlangandi.

«Liverpul» endi pragmatik o'yin ham ko'rsata oladi. Shu bilan birgalikda gol urishdan to'xtamaydi. Avval jamoa birinchi, ikkinchi yoki uchinchi goldan keyin ham faqat oldinga chopgan bo'lsa, endi maqsadlar o'zgargan. Bu mavsumda «Liverpul»ning raqiblari ikkinchi bo'limda birinchi bo'limdagiga qaraganda ancha kam zarba berishmoqda.

Statistikaga murojaat qilamiz. Bu chempionatda Klopp jamoasi raqib hududidayoq to'pni qaytarib olib, hujumni qayta boshlashi holati har o'yinda o'rtacha 4,1 martadan kuzatilmoqda. O'tgan mavsumda bu ko'rsatkich har o'yinga o'rtacha 4,5 marta edi. «Liverpul»ning raqiblari o'yini ham o'zgargan: hozir raqiblar maydon markazida o'rtacha 12,8 marta pas uzatmoqda, o'tgan mavsumda bu ko'rsatkich 11,2 martaga teng edi. Bundan tashqari, bir yil muqaddam raqib bir hujum vaqtida o'rtacha 10,9 metr masofa bosib o'tgan. Hozir bu ko'rsatkich 11,9 metrgacha o'sgan. Ko'rinishidan, «qizillar» pressing va «qarshi pressing»ni susaytirishgan, lekin endi futbolchilar kamroq charchashmoqda va oxirgi daqiqalarda ham diqqatni yo'qotishmayapti.

«Liverpul» moslashuvchan bo'lib oldi. Bir yil muqaddam Klopp faqat 4-3-3 sxemasidan foydalangan va taktikani faqat ichkaridan o'zgartirgan. Shaqiri kelgach esa «Liverpul» 4-2-3-1 sxemasiga ham o'ta olmoqda. ShveyTsariyalik futbolchi jamoa uchun haqiqiy omadli transfer bo'ldi. U chempionshipga ravona bo'lgan «Stok Siti»dan keldi va mersisaydliklarning hujumdagi rang-barangligini taminlamoqda. 4-2-3-1 sxemasida u yoki chapda, yoki markaziy hujumchi o'rnida harakatlanadi va Saloh erkinroq harakatlanishiga yordam beradi. Klopp uni hamisha boshlang'ich tarkibda tushirmayapti, u va Keytaning kamroq o'ynashi ierarxiya tartibi tufaylidir, ikkinchi mavsumdan ular asosiy tarkibning o'zgarmas futbolchilariga aylanishlari aniq.

2017 yilda Koutino-Firmino-Mane-Saloh to'rtligi Fab Four («Dabdabali to'rtlik») deya nom olgan, Koutino ketgach bu uning o'rni bo'shab qolgandi. Shaqiri esa bu iborani yana qaytardi.

Istiqbol

«Liverpul»da benuqson statistika. Jamoa hali hech qachon bunday muvaffaqiyatli startga erishmagandi (15 g'alaba va 3 durang). Ammo raqiblar ham kuchli, chempion bo'lish uchun uddalab bo'lmas ishlarni uddalash kerak. «Rojdestvogacha 48 ochko jamg'arish - hayratomuz ko'rsatkich. Ammo boshqa jamoalar ham bor. Kuchli beshlikdagi jamoalar ham ochkolar olib, taqib qilishda davom etishmoqda. Chempion bo'lishimiz uchun 105 ochko to'plashimiz talab qilinsa kerak», demoqda Klopp. (Yani, ikkinchi davradagi barcha o'yinlarda g'alaba qozonilishi kerak).
Uning gapida jon bor. «Siti» o'tgan mavsumda 100 ochko jamg'argandi. Lekin o'shanda Gvardiola jamoasiga teng raqib yo'q edi va «shaharliklar» muddatidan avval chempionlikni kafolatlashgandi. Hozir Gvardiola «Barselona»da bo'lgani kabi muammolarga duch kelmoqda: butun dunyo uning jamoasini kuzatmoqda va «Manchester Siti»ning o'yinini atomlarga bo'lib «o'qishmoqda». Gvardiolaning taktik hiylalari haqida malumotlar juda ko'p, shu tufayli istalgan murabbiy o'z jamoasini tahlilchilar guruhi yordamisiz unga qarshi tayyorlashi mumkin. Yana bir tomondan «Siti»ning tarkibi juda kuchli va allaqanday «Brayton» bu tarkibni engishga qodir emas.
Ammo «shaharliklar» bu mavsumda asosiy etakchilari tez-tez jarohat olishi tufayli ochkolar yo'qotishdi. De Bryuyne ikki marta jarohat oldi, ikkinchi jarohatidan uzoq vaqt davolandi. U chempionatda faqat 5 o'yinda maydonga tushdi. Uning safga qaytishi «Kristal Pelas»ga qarshi o'yinga to'g'ri keldi, ammo uning ajoyib goli jamoani mag'lubiyatdan qutqarib qololmadi (2:3). Uning qaytishi arafasida esa jamoa sardori David Silva ham jiddiy jarohat olib, «boksing dey»da jamoaga yordam bera olmaydigan bo'lgandi.
«Liverpul»da tarkib bilan bog'liq muammolar yo'q. Futbolchilarning barchasi soppa-sog', balans ham joyida. Ko'rinishidan, Klopp optimal taktik variant topgan ko'rinadi. Hozir xavf yo'q, aprel-may oyida esa futbolchilar holdan toyishi va oddiy o'yinlarni boy bera boshlashi ham mumkin. Lekin 5 mavsum avval, 2013-14 chempionlikka yaqin kelgan Brendan Rodjersning jamoasi bilan hozirgi «Liverpul» o'rtasida katta farq bor. O'sha mavsumda qizillar juda ko'p gol o'tkazib yuborishgandi (50 gol), jamoa kerakli o'yinlarda juda ko'p ochko yo'qotardi. Hozirgi «Liverpul» esa xotirjam, ishonchli va barqaror, asosiysi bu jamoada hal qiluvchi pallada toyib ketadigan futbolchi yo'q...
Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR
BOSH SAHIFA
ONLINE: 0 / 30