logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 10:25
KirishA'zo bo'lish
TAVSIYA QILAMIZ
Yangiliklar tasmasi

EChL – bu chempionlar va qolganlar kurashi ham!

 2 OKTYABR, 2023, 00:00

Mana, durdona turnir - Evropa Chempionlar Ligasida yangi mavsumning asosiy bosqichi ham yo'lga tushdi. 

Bu safar «Manchester Siti» «shalpangquloq» kubokni o'zida olib qolishga urinadi tarixda ilk marta. Bilamizki, ChL - katta maydon. Musobaqa tarixiga birrov nazar solsangiz, unda mamlakatlarning amaldagi chempionlari va qolganlar o'rtasida ham alohida raqobat shakllangani ko'zga tashlanadi. Qiziq, hozirgi holatda ustunlik qaysi tomonda? Ya'ni turnirda haqiqiy chempionlar ko'proq g'olib chiqishganmi yoki qolganlar?

ChEMPIONLAR - QOLGANLAR - 16:15

Statistikadan ma'lum bo'lishicha, amaldagi g'olib «Manchester Siti» tufayli hozirda «shalpangquloq« kubokni yutish borasida ustunlik chempionlar guruhi tomonida. Bir boshdan aytsak, 1992 yili EChK isloh qilinganidan so'ng ChLning dastlabki 6 mavsumi yakunida faqat chin chempion klublar (turnirga milliy chempionatlarning amaldagi g'olibi sifatida kirishganlar) - «Marsel» (Frantsiya), «Milan» (Italiya), «Ayaks» (Niderlandiya), «Yuventus» (Italiya), «Borussiya» D. (Germaniya) va «Real» (Ispaniya) g'alaba nashidasini surgan. Umuman olganda, o'z mamlakatida chempion bo'lmagan klublar turnirga ilk marta 1997/1998 yillar mavsumida qo'yilgandi. E'tiborlisi, kengaytirilgan turnirning 2-mavsumidayoq qolganlar guruhi hisobiga ilk kubok yozilgan. O'shanda APLda 2-o'rinni egallagan «MYu» chempionlikni nishonlagandi (aytgancha, o'sha finalda o'ynagan «Bavariya» ham turnirga Bundesliganing ikkinchi jamoa­si sifatida qo'shilgandi, chunonchi, myunxenliklar oldingi mavsum «Kumush tovoq»ni kamtarin «Kayzerslautern»ga berib qo'yishgandi).

Umumiy statistika bo'yicha aytsak, hozirga qadar ChLda milliy ligalar vitse-chempionlari 9 marta zafar quchdi. Shuningdek, yana ikki holatda musobaqaga o'z milliy chempionatining 3-pog'onasi orqali chiqqan klub g'olib bo'ldi. E'tiborli fakt: tarixda milliy ligada kuchli uchlikka kirolmagan jamoalar 4 marta «shalpangquloq» yutgan. Yana bir tomoni, 2012-2017 yillar oralig'ida ChLda vitse-chempionlar gegemoniyasi kuzatildi. Bu orada kubok yutgan «Bavariya» ham ChLga Bundesliganing kumush medali egasi sifatida qo'shilgandi (o'shanda Germaniya chempionati oltin medali Dortmund «Borussiya»siga nasib etgan). Evropa klub futboli bosh turnirining yangi tarixida 2 marta shohsupaga ko'tarilgan «Liverpul» esa har ikki holatda APL turnir jadvalidagi 4-o'rin orqali yo'llanma olgandi. Xullas, amaldagi g'olib «Manchester Siti» tufayli ushbu norasmiy raqobatda tarozu pallasi chin chempionlar guruhi tomon og'di - 16:15!


ChL: 1992 YILDAN KEYINGI UMUMIY JADVAL

Yangi mavsum bahona ChLning umumiy jadvaliga ham birrov nazar solsak bo'lar. Har holda, sovrindorlar reytingini ko'rishdan hech qanday ma'no yo'q: «Real» mutlaq oldinda, qolganlar ancha orqada. Tabiiyki, ChLning sarhisob jadvalida ham «Madrid» peshqadam, albatta. E'tiborga olish kerak, umumiy jadvalni shakllantirishda «pley-off» bosqichlari o'yinlarining asosiy vaqtdagi natijasi inobatga olingan (umumiy qoida bo'yicha g'alabaga 3 va durangga 1 ochko). Demak, sarhisob jadvalining dastlabki ikki pog'onasi Ispaniya klublariga tegishli: «Real» ortida «Barselona» bor. Angliya futbolining ham o'ziga yarasha ustun jihati yo'q emas: jadvalning yuqori 20taligida APLdan 5ta klub bor (4tasi kuchli 10talikda). Shuningdek, top-20ga Ispaniyaning 4ta, Italiyaning 3ta, Frantsiya, Portugaliya va Germaniyaning 2tadan vakili kiradi. Qolgan 2ta pozitsiya «Ayaks» (Niderlandiya) hamda «Olimpiakos» (Gretsiya)ga tegishli.


«Real» etakchi, ammo «Barselona»dan uncha oldinda emas. «Bavariya» (3-o'rin) va «MYu» (4-o'rin) o'rtasida esa naq 116 ochko bor. «Portu»ning bir qator grandlardan oldinda ekanligi ham e'tiborga molik. Bunda ajablanadigan tomoni yo'q: Portugaliya vakili ChLning doimiy ishtirokchisi sanaladi (hozirga qadar atigi 3 mavsumni o'tkazib yuborgan). Yana unutmaslik kerak, «Portu» - ChL-2002/2003 g'olibi. 2 karra chempion - «Liverpul» ChL umumiy jadvalining top-20taligiga kirgan naq 15ta jamoadan kamroq mavsum o'ynaganini alohida aytish kerak. Umuman, «qizillar» o'tgan asrning 90-yillari turnir yuzini ko'rishmagan, faqat mavsum-2001/2002da debyut qilishgan. ChLning birinchi g'olibi «Marsel» esa atigi 28-o'rinda. Rossiya klublaridan «Spartak» deylik, «Napoli» va «Tottenxem»dan yuqorida - 29-o'rin. «Shaxtyor» esa sobiq ittifoq hududidagi eng muvaffaqiyatli klub - 22-o'rin.

 A.ABDUVALIXO'JAEV tayyorladi

Manba: stadion.uz

butsanet

telegram
BILDIRILGAN FIKRLAR
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR