logotip
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 23:35
KirishA'zo bo'lish
Krishtianu Ronalduni "Yuve"dan haydash kerak?

1 APREL, 15:00 318

.

«Yuventus»ning sobiq prezidenti Jovanni Kobolli Jili jamoa rahbariyatini bosh yulduz Krishtianu Ronalduni tarkibdan haydashga chaqirmoqda. Qarang-a, g'alati, juda g'alati emasmi? Har holda, portugaliyalik yulduz hozir ham «keksa sinora» etakchisi sanaladi. Lekin sobiq rahbar o'z gapini kuchli dalil bilan asosladi - uning iddaosiga ko'ra, Krishtianuning 1ta goli 1 million evroga tushayotgan ekan. Shundan so'ng tahlilchilar darrov tekshirib ko'rishdi va Jilining gapi deyarli to'g'ri chiqdi...

Ronaldu juda qimmat...

«Yuventus» Evropa Chempionlar Ligasi 1|8 finalida nisbatan «yumshoq»roq tuyulgan raqibga duch kelganiga qaramay, musobaqadan chiqib ketdi. Ya'ni turinliklar 2ta o'yinning umumiy natijasiga ko'ra, kamtarin «Portu»ga yo'l bo'shatishdi. Shu bilan Krishtianu Ronalduning «keksa sinora» bilan ChLdagi uchinchi urinishi ham omadsiz xotima topdi. «Real»ning ketma-ket «shalpangquloq» olishiga katta hissa qo'shgan portugaliyalik yulduz 3 mavsum davomida «byankonerlar» bilan Evropa klub futbolining eng nufuzli turnirida loaqal yarim final yuzini ham ko'rgani yo'q. «Yuventus» 2019 yili chorak finalda yosh va jasur «Ayaks» tomonidan to'xtatilgan bo'lsa, ChLning o'tgan mavsumida Italiya grandi yo'liga «Lion» to'siq qo'ydi. Mana, endi Serjiu Konseysao boshqaruvidagi «ajdarlar» ham «Ayaks» va «Lion»dan kam emasliklarini isbotlashdi. Avvalgi mavsumlar «pley-off» bosqichida «Yuve» safida faqat Ronaldu gol urgandi, bu safar u «Portu» darvozasini nishonga olish mis­siyasini bajarolmadi. Turin klubining 2ta o'yindagi 4ta golidan 3tasi Federiko Keza, yana biri Adrian Rabo hisobiga yozildi.

Xullas, jamoa ChL ilk «pley-off» raundidan keyinoq chetga chiqqach, eng jiddiy tanqidlar aynan Ronalduga qaratildi. Ko'pni ko'rgan mutaxassislar hattoki, «Yuventus» rahbariyatiga 36 yoshli portugaliyalik bilan tezroq xayrlashish kerakligini uqtirishmoqda. Ya'ni bu ishni kelasi yozdan keyinga qoldirmaslik kerak emish. Xususan, «Yuventus»ning sobiq prezidenti Jovanni Kobolli Jili barchasini qo'polroq ohangda bayon etdi. U Ronaldu transferini «juda qimmatga tushgan xato» sifatida baholadi va buni tezroq tuzatish shartligini alohida ta'kidladi.  «Aslida Ronaldu bilan shartnoma tuzish mutlaqo noto'g'ri bo'ldi. Krishtianu Turinga kelgan kuniyoq bu haqda baralla gapirgan edim. Ha, bilaman, Ronaldu - qoyilmaqom chempion. Ammo u juda qimmatga tushadi. Endi hammasi «Yuventus»ga bog'liq. Axir klub Ronalduning 1ta goliga 1 million evrodan to'lamoqda. Andrea Anelli o'ziga tanqid ko'zi bilan qarasin, uning atrofida munosib mutaxassislar yo'q. Hozirgi omadsizliklarda Pirloni aslo ayblamayman, o'zim ham vaqtida tajribasiz Ferrarani ishga yollagan edim. Ushbu tayinlovimga ijobiy baho berish mushkul. Anelli ham tavakkal qilib ko'rdi. Chunki Sarrini jamoada ortiq ko'rishni istamadi va Pirlo variantiga ko'ndi. Bilishimcha, Paratichi va Nedved uni bu ish berishiga qat'iy ishontirishgan. Endi «Yuventus» tezroq tiklanishi kerak. O'yindan keyin Nedvedning asabiy holda jazavaga tushgani? Uni buyuk chempion sifatida bilardim, ammo ayon bo'ldiki, «Yuventus» vitse-prezidenti lavozimiga munosib emas ekan. Qisqasi, rahbariyat Pavelning klubdagi rolini obdon o'ylab ko'rishi kerak. Deylik, Nedved sobiq murabbiy Allegri ishtirokidagi so'nggi matbuot anjumaniga tashrif buyurmadi va bunday munosabat menga sira yoqmadi. Bilaman, ikkisi uncha chiqisholmasdi, ammo klubga katta xizmati singgan kishiga hurmat bajo keltirish kerak, baribir. Pavel o'sha payt chet elda bo'lganini aytib, o'zini oqladi, ammo bu yolg'on: u Italiyada edi. Menimcha, Nedved «Yuventus» uslubi va nufuziga muvofiq emas.

Asosiy xulosa bitta - klub mavsum oxirida Ronalduni sotishi va Paratichini ham ishdan bo'shatishi kerak. Ehtimol, Anelli uni keyinchalik chetlash uchun atayin lavozimini ko'targandir... Bunday stsenariy chindan ham, haqiqatga yaqin», - dedi Jili.


1ta goli chindan ham, 1 million evromi?

Keling, endi Jili janoblari haqiqatni gapiryaptimi yoki raqamlarni bo'rttirib yuborgan - shuni aniqlaylik. Krishning «Yuve»dagi yillik maoshi 31 million evroni tashkil qiladi. 2,5 mavsum davomidagi statistikasi - 121ta o'yinda 92ta gol (oxirgi 2ta o'yindagi natijasi qo'shilmagan). Turin klubi bu davrda Ronalduga jami 73,7 million evro miqdorida maosh bergan (darvoqe, portugaliyalik futbolchi o'tgan yilning mart oyida yuzaga kelgan COVID-19 pandemiyasi bilan bog'liq in­qiroz tufayli ish haqini kamaytirishga rozi bo'lib, 3,8 million evrodan voz kechgan va bu umumiy summaga kiritilmagan). Xullas, qolgani matematikaning ishi - 73,7ni 92ga bo'lamiz va 0,8 million evro kelib chiqishini ko'ramiz. Qisqasi, «Yuventus» ChL-2020|2021dan tushib ketgan vaqtgacha Krishtianuga har bir goli uchun to'lagan summa shu. Demakki, Jovanni Kobolli Jili raqamlarni birozgina oshirib ko'rsatgan bo'lsa-da, fikrida jon bor: Ronaldu haqiqatan ham, «keksa xonim» uchun haddan tashqari qimmatbaho «o'yinchoq»dek ko'rinmoqda. Har holda, unga tikilgan mablag' natija bobida o'zini oqlamadi. Zero, portugaliyalikni jamoani aynan Chempionlar Ligasi «pley-off» bosqichlarida o'z ortidan ergashtirishi uchun xarid qilishgan. Binobarin, «Yuve» ichki birinchilikda uningsiz ham maqsadga erishardi katta ehtimol. Biroq Krish amalda faqat «Atletiko» bilan qarama-qarshilikda o'z darajasini ko'rsatdi, ke­yin sukunat domiga cho'mdi...

Krishtianu Ronaldu va «Yuventus» o'rtasida rasmiylashtirilgan 4 yillik shartnoma 2022 yilning yozida yakuniga etadi. Ehtimolki, futbolchining o'zi yana bir yil Turinda qolishni xohlar - bu uning uchun yakuniy urinish. Har holda, Krish «byankonerlar» bilan ham «shalpangquloq» kubokni yutish asnosida butun dunyoga buyuk ekanligini yana bir marta isbotlashni xohlaydi. Biroq tanganing ikkinchi tomonini ham unutmaslik kerak - Anelli ehtimolki, allaqachon hammasini hal qilib qo'ygandir. Binobarin, uning yaqin kelajakda klubda global qayta qurish ishlarini boshlashi haqida gap-so'zlar tez-tez quloqqa chalinmoqda...

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR
Umumiy: 1
QIZIQARLI FAKT VA IQTIBOSLAR
BOSH SAHIFA
ONLINE: 0 / 24